24.01.2020 1261

Yillar va yo‘llar

Yillar va yo‘llar... Biz bugungi kunimizni bir amallab o‘tkazganimizga xursand bo‘lamiz-u, aslida umrimizning kichik bo‘lagini shunchaki yashaganimizni o‘ylab ham ko‘rmaymiz. Biz bu yillarda sayohat qilar ekanmiz, oldinda bizni qanday yo‘l kutayotganini hayolimizga ham keltirmaymiz. Bu yo‘lda davom etaveramiz... Hayotimizdan ma’no izlaymiz, ko‘zlagan maqsadga erishish uchun yillar davomida yo‘llar izlab yashayveramiz. Yillar o‘tsada, bu bosib o‘tgan yo‘l bizni yuksak maqsad sari  qadam qo‘yishga, mashaqqatlarni yengib ko‘zlagan niyatimizga yetkazishiga umid qilamiz. Yashash degani aslida ham o‘z o‘rnimizga ega bo‘lish, o‘zimizga munosib yo‘l topish deganidir.  Uzoq yo‘lga yoki safarga ketayotganimizda bobojon va buvijonlarimiz Yo‘lingni bersin, bolam, Yo‘ling ravon bo‘lsin deya yuzlariga fotiha tortishadi. Bobo va buvilarimizning necha yillar o‘tsada,  hamon bolalikning beg‘uborlikka limmo-lim damlarini yodga olib, so‘zlab berishlari  bizga ertakdek tuyuladi. Bu ertaklar bizni haqiqat va ezgulik yo‘llariga olib boradi.

Ezgulik yo‘li... U aslida qanday bo‘lishini bilmadim-u, lekin sizga yaqinda bo‘lgan bir voqeani so‘zlab bermoqchiman. Kechki payt ishdan uyga qaytayotgan mahali mehribonlik uyining oldidan o‘tib ketayotgan edim. Shu payt qulog‘imga allaqanday baqiriq ovozlar eshitildi. Mashinalarning shovqini tufayli oldin ovozlar tiniq eshitilmadi. Keyinchalik bir ayol kishining “sen yetimsan, hech kimga kerak emassan” degan ovozi eshitildi. Avval, eshitganlarimni anglolmadim, to‘g‘ri eshitdimmi degan ishonchsizlik tuyg‘usi vujudimni egallab oldi. Nahotki, bu mehribonlik uyi tarbiyachisining ovozi. Nega u bunday dedi. Uning gapirish ohangidan esa bu gapni ilk bor aytmayotgani sezilib turar edi. Axir, bu yerga kelib qolishiga hech bir bola aybdor emas-ku! Bu so‘zlarni eshitganda uning qalbi chilparchin bo‘lmasmikin? Ko‘ngli yarim bolalarga nahot shunday qattiq gapira olsa? Shu kabi ming xil savollar miyyamda takror va takror aylanaverdi. Mehribonlik uyining oldidan tezroq ketishni xohladim. Ichimni tirnayotgan savollar to‘xtashini istadim Uyga yo‘l oldim. Yo‘lda ko‘z o‘nggimga onam keldilar. Ba’zan oddiy narsaga, masalan kiyim-kechak ustida tortishib qolsak ham shunchaki koyib qo‘ya oladilar. Otamchi, ular so‘zziz hamma aytganimizni qiladilar. Ammo gohida ulardan nolib, kichik sabablar bilan janjal chiqaraman. Hozirgina guvohi bo’lgan voqeamdan keyin esa o’ylay boshladim: Ota-ona farzandlari uchun o‘z umrini qurbon qiladi. Borini ayamaydi. Jonini hovuchlab Yaratgandan biz uchun sog‘lik, baxt, uzoq umr tilaydi. Lekin biz farzandlar ba’zida birgina so‘zimiz bilan ularning ko‘ngillarini og‘ritib qo‘yamiz. Bir ona 10 bolasiga birdek mehr bera oladi. Ammo 10 bola bir onaga mehr bera olmay qoladi.

Yurgan yo’llarimiz, yashagan yillarimiz haqida fikr yuritganimizda ota-onamizning ko’nglini olmagan, ularga “Sizni hammadan ko’p yaxshi ko’raman” deb aytmagan har bir daqiqamiz bejizga o’tgandek, nursiz iz qoldirganini ko’ramiz.       

Shunday ekan har onimizni nurga belab yashaylikki, bizdan keyingi avlodlar hayot yo’llarini yoritishga ham  yetsin bu nurlar.

MUXLISA Meliyeva

O‘zJOKU talabasi

Bo'lishmoq: