02.08.2021 1357

Ta’ziya

Yasen Nikolaevich Zasurskiy - bu ismni MDH mamlakatlarining jurnalistika olamida tahsil olgan va ta’lim bergan mutaxassislar juda yaxshi bilishadi. Moskva davlat universiteti jurnalistika fakultetining prezidenti, Rossiya Federatsiyasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist, filologiya fanlari doktori, professor Yasen Nikolaevich 42 yil davomida MDU jurnalistika fakultetini boshqargan. U dekanlik faoliyati davomida soha bo‘yicha ko‘plab darsliklar, kitoblar chop ettirgan, sohaning nazariy rivojiga katta hissa qo‘shgan olim, ko‘plab shogirdlarga boshchilik qilgan sevimli ustozdir.

Zasurskiy dekanlik vaqtlarida O‘zbekiston Milliy universiteti Jurnalistika fakulteti dekani va asoschisi Ernazarov Tugan Ernazarovich bilan yaqin hamkor va do‘st bo`lishgan, ikki fakultet o‘zaro birgalikda darsliklar yaratish, malaka almashish bo‘yicha ko‘p yillar birga ishlashgan.

O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti tashkil etilganidan so‘ng universitet rektori Sherzodxon Qudratxo‘ja 2018 yilda soha bo‘yicha xorijiy oliy ta’lim muassasalari aro o‘tkazilgan xalqaro konferensiya doirasida Yasen Nikolaevich bilan ham uchrashib, suhbatdosh bo‘lgandi.

Ming afsuski, kuni kecha 1-avgust sanasida Yasen Nikolayevich Zasurskiy 91 yoshida vafot etdi. Salkam bir asrlik umrini jurnalistika sohasiga bag‘ishlagan olimni eslar ekan, universitet rektori “Zasurskiy munkayib qolgan holida ham har kuni fakultetga kelib, shogirdlariga dissertatsiyalarida tushuntirish va maslahatlar berar ekan. Xonasida yuzlab betli qog‘ozlar orasida nima qayerda turishini bilar, xotirasi o‘tkir, fikrlari shu yoshida ham tiniq edi. Mendan o‘zbek olimlarini nomma nom so‘rab chiqqani hech esimdan chiqmaydi. Uchrashuvdan qaytishda u bilan jurnalistika tarixi va kelajagi haqida soatlab suhbatlashish mumkinligi va haqiqiy soha fidoyisi ana shunday bo‘lishi haqida o‘ylagandim” deydi.

Ushbu judolik munosabati bilan O‘zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti Yasen Nikolayevichning yaqinlariga va Moskva Davlat universiteti Jurnalistika fakulteti jamoasiga chuqur ta’ziyasini izhor etadi. Jurnalistika olami esa Zasurskiyning soha uchun qilgan fidoyiliklarini hech qachon unutmaydi!

Bo'lishmoq: