04.12.2020 715

O‘zJOKUda yana bir Ilmiy Kengash yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

Bugun O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetida navbatdagi Ilmiy Kengash yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Falsafa doktori (PhD) unvonini olish maqsadida Zakirova Gulnora Voxid qizi “O‘zbekiston matbuotida xotin-qizlar ijtimoiy-siyosiy faolligi masalalarining yoritilishi” (bosma va internet nashrlarining 2014-2020 yil materiallari misolida) mavzuida o‘z ilmiy ishini himoya qildi.

“Jahon olimlari matbuotda xotin-qizlar ijtimoiy-siyosiy faolligi masalalarini o‘rganishda asosan terminologiya, gender munosabatlarining talqini, oiladagi zo‘ravonlikning umumiy jihatlari, gender stereotiplarining qiyosiy tarixi, ayol jurnalistlar faoliyatiga e’tibor qaratganlar. Shu bilan birga, global miqyosda OAVda gender tengligiga erishish masalalarining yoritilishi katta ilmiy bahs-munozaralarga sabab bo‘lmoqda, chunki xotin-qizlar masalasi turli mintaqalarda tarixiy, iqtisodiy, siyosiy va madaniy-ma’naviy omillar hisobiga turli mazmun kasb etadi” - dedi o‘z taqdimotida yosh tadqiqotchi.

Universitet rektori Sherzodxon Qudratxo‘jayev, taqrizchilar Dilfuza Teshaboyeva hamda Olimjon O‘sarov tadqiqotchi tomonidan yozilgan dissertatsiya borasida o‘z fikr-mulohazalarini bildirishdi. Qolaversa, ular dissertatsiyaning kamchilik va yutuqlariga ham alohida to‘xtalib o‘tishdi. Nazira Toshpo‘latova, Muxtor Xudoyqulov va Alisher Matyaqubovlar ham o‘z izohlarini berishdi.

Tadqiqotchining ishi ilmiy Kengash a’zolari tomonidan ovozga qo‘yilib, tasdiqlandi. Shu bilan birga, yosh tadqiqotchiga kelgusi ilmiy izlanishlariga omad tilab qolishdi.

Bo'lishmoq: