29.01.2020 1346

Barcha amallar niyatga qarab bo‘ladi

Bugun tongda har kungidek, maqsadlar kitobimni varaqlasam, 5-6 yil oldin qilgan ezgu niyatimga ko‘zim tushdi: “2018 yil talaba bo‘lsam, 2019 yil Poytaxtda suyagimni qotiraman. 2020 yil Prezident rahbarligidagi majlisda ishtirok etaman!” O‘tgan haftada ana shu orzum amalga oshdi.
Prezidentimiz Oliy Majlisga Murojaatnomani, avvalo, saylov natijalari va asl deputatlar qanday bo‘lishi kerakligi to‘g‘risidagi fikrlar bilan boshladilar. Murojaatnomaning har bir bandida esa qayta va qayta ilm-fan, ma’rifat, zamonaviy axborot texnologiyalari va yoshlarga urg‘u berildi. Aslida ham bizga qoldirilgan go‘zal tarixning asosida ilm-fan yotadi. Xo‘sh, men ayni damda tengdoshlarimning ma’naviy salohiyati yuksalishiga qanday hissa qo‘sholaman? Avvalo “Qush tilini qush biladi”, deganlaridek, ular bilan samimiy aloqa o‘rnataman va Keling, mana bu kitobni yoki mana bu chet tilini birgalikda o‘rganaylik, muhokama qilaylik, degan taklifni beraman. Jaa istamasa ham hech yo‘q bitta kitob o‘qiydi. Sababi bu tajribada sinalgan.
“Ilm-ma’rifat, yuksak ma’naviyat suv va havodek zarur”,- Shavkat Mirziyoev.
Ushbu murojaatnomadagi bir raqam mening diqqatimni tortdi, ya’ni bugungi kunda mamlakatimizda 52% bola bog‘chaga borar ekan.Oldin bu ko‘rsatgich 38% ni tashkil qilgan. Lekin biz o‘qigan darsliklarda 86% bola MTMga boradi, deya qayd etilgan edi... Mayli “O‘tgan ishga salovat”,-deya faqat oldinga qadam bosamiz. Eng muhimi, tarixdan saboq olsak, bas.
Joriy yil: “Ilm-ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish” yili deb e’lon qilindi. Va bunda ilk islohot bolalarning bog‘chaga qamrab olinishini oshirishdan boshlanadi (60% ga etkazish).
Yana qayta oliy ta’limga qabul jarayonlari masalasiga to‘xtalindi. Nega grantlarning 2 baravar oshirilishi-yu faol qizlarga O‘zbekiston Xotin qizlar qo‘mitasi tavsiyasi bilan alohida kvotalar ajratish kabi yangiliklar tezda tarqaldi va bunga hamma ishondi? Sababi davlat rahbari aytgan har bir so‘zining amaliy tasdig‘i bor. Shuning uchun odamlar ishonadi. Agar bu xislat ya’ni aytgan so‘zlarimizning amaliy ifodasi har birimizda bo‘lsa, ehhheee Amriqoni ham ortda qoldiramiz.
“Kutishga vaqt YO‘Q!” – Shavkat Mirziyoev.
Murojaatnoma e’lon qilingandan so‘ng turli fikrlar, munosabatlar vujudga keldi. Meni esa tengdoshlarimning bu boradagi qarashlari qiziqtirdi. Ularning ba’zilarini sizga ham ilindim.
Jahongir Mardonov, yosh jurnalist: “O‘zbekiston Respublika Prezidentining Oliy Majlisga Murojaatnomasini bevosita kuzatgan yosh jurnalist sifatida shuni aytolamanki, bu yil oldimizga juda katta vazifalar qo‘yildi. Ulkan muammolarni hal qilishimiz zarur. Bu juda qiyin, albatta. Masalan, korruptsiyaga barham berish... nazarimda, korruptsiyadan beruvchi ham oluvchi ham nafratlanmas, uning gunohligini chin dildan anglamas ekan, uni bartaraf etish juda mushkul. Korruptsiyani yo‘q qilishda andishani, “hurmat-izzat”ni chetga surib, OTMga kirish va sessiyada baho olishning oson usulini tanlashda davom etarkanmiz, kelajagimiz aniq...
Ilm-ma’rifatga takror-takror urg‘u berildi. Hukumat, deputat va mutasaddilar soha olimlarining takliflarini inobatga olmas ekan, ta’lim o‘lib boraveradi. Yana bir masala, vijdonni qonunbuzarlik, korruptsiyaga qarshi nafrat bilan tarbiyalamas, huquqiy ongimizni oshirmas ekanmiz, raqamli iqtisodiyotning ham beli sinadi. Buning uchun, avvalo, vijdonni raqamli iqtisodiyotga moyillashtirishimiz lozim. Prezidentimiz aytgan “Halollik vaktsinasi”ni esa diniy va dunyoviy bilimdan shakllangan vijdondan olish kerak”.
Diyoraxon Nabijonova, talaba: “Prezident Murojaatnomasida jamiyatimizning quyi pog‘onasidan to yuqori qatlamgacha bo‘lgan barcha masalalar ko‘rib chiqildi. Jumladan, deputatlarning omma orasidagi obro‘sini oshirish, zxalqning ularga nisbatan ishonchini mustahkamlash oldinda turgan muhim masalalardan biri ekanligi ta’kidlandi. O‘ylaymanki, bu chaqiriq avvallari xonasidan chiqmay o‘tirgan ayrim deputatlarimiz uchun yaxshi turtki bo‘ldi. Endilikda xalqimiz ulardan qog‘ozdagi va’dalarining amaldagi ifodasini kutmoqda.
Davlatimiz rahbari xalqning islohotlar tashkilotchisi bo‘lishi zarurligini aytib o‘tdilar. Siyosatshunoslar tilida bir gap bor: “Har qanday jamiyat o‘z harakat va munosabatiga loyiq boshqaruvga ega bo‘ladi”. Darhaqiqat, bugun fuqarolarimizning ijtimoiy-siyosiy faolligisiz hukumatdan faollikni talab qilish noto‘g‘ri ishdir. Nazarimda, balans hamisha 1:1 bo‘lishi kerak.shundagina xalq va davlat hokimiyati bir-biriga mutanosib ravishda rivojlanib boradi. Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan Jamoatchilik palatasini tashkil etish taklifi yuqoridagi vaziyatga o‘ziga xos echim bo‘la oladi”.
Sirojiddin Buriev, Xalq ta’limi vazirligi monitoring bo‘limi etakchi mutaxassisi, talaba: “ Bernard Shouning shunday gapi bor: “hayotda odam o‘zini qidirishi kerak emas, o‘zini yaratishi kerak”. Murojaatnoma – bu prezident gapi, prezident rejasi, prezident va’dasi hisoblanadi. Yurtimiz uchun yangi rivojlanish bosqichining dasturilamali ham aynan shu murojaatnomadir va bunda keltirib o‘tilgan har bir gap, taklif, albatta, amalga oshiriladi. Ammo birgina Prezidentning gapi bilan davlat rivojlanib ketganda farovon hayotga ancha tezroq etgan bo‘lardik. Davlat va jamiyat rivoji uchun eng asosiy omil bu ilmli, bilimli, vijdonli, dunyoqarashi keng fuqarolarimiz, alqimizdir. Har bir yurtdoshimiz, har bir tengdoshimiz atrofidagi insonlarga ta’sir o‘tkaza olsa, bilim, ilm olishga unday bilsa, o‘z ustida tinmay ishlasa, albatta, barcha maqsadimizga erishamiz. Bu optimizm emas, shunchaki haqiqatdir.
Prezidentimizning pozitsiyasi va yo‘li bitta: “Demokratik jamiyat va davlat qurishdan boshqa yo‘limiz yo‘q”. Davlatimiz rahbari o‘z yo‘lida sobitqadam ekanliklarini har bir chiqishlarida aytayotgan so‘zlari, ularga hamohang amallari va kelajak rejalari bilan isbotlamoqdalar. Ilm-ma’rifat esa eng asosiy mavzu. Ilmli inson (unda diniy qarashlar qanday bo‘lishidan qat’iy nazar) o‘z vijdoni, o‘zining sof qarashlari, odamlarni hurmat qilishi, keng miqyosda fikrlay olishi bilan o‘z mamlakati uchun banklarda turgan oltindan ham qimmatliroq ma’naviy manbaaga aylanadi.
Tengdoshlarim, do‘stlarim! O‘zimiz, oilamizning boy va farovon bo‘lishi, yurtimiz rivojlangan davlatlar qatoriga qo‘shilishi uchun tinimsiz o‘qiylik, izlanaylik. Internet ilmi, axborot texnologiyalari sohasidagi bilimimizni oshiraylik. Gapirganimizda asos, o‘ylaganimizda mantiq, qadamlarimizda dadillik, yuragimizda vijdon, xayolimizda hayotimizni faqat mazmunli o‘tkazish, foydali inson bo‘lish niyati bo‘lsin”.

Qisqasini aytganda, Ahillikda gap ko‘p. “Olma pish, og‘zimga tush, “-deb emas, olmaning pishishi uchun ham uning to‘g‘ri og‘zimizga tushishi uchun ham birgalikda Mehnat qilishimiz darkor!
Dilshoda Olimova, O‘zJOKU talabasi

Bo'lishmoq: