05.03.2020 1227

Xotira va g‘alaba ruhi

O‘zbekiston jurnalistlika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetida g‘alabaning 75 yilligiga bag‘ishlangan "Xotira va g‘alaba ruhi" mavzusida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda "Jangchi" faxriylar birlashmasi raisi, polkovniklar va talabalar ishtirok etishdi.
Davlatimiz rahbari Parlamentga yo‘llagan Murojaatlarida 2020-yilda ikkinchi jahon urushida qozonilgan G‘alabaning 75 yilligi xalqaro miqyosda keng nishonlanishini ta’kidlab, shunday dedi:
"Bizning mard, yengilmas va olijanob xalqimiz buyuk G‘alabani ta’minlashga beqiyos hissa qo‘shgani bilan barchamiz haqli ravishda faxrlanamiz.
Jami 1,5 milliondan ziyod O‘zbekiston farzandlari bu qonli urushda tinchlik va ozodlik uchun mardona jang qilgani, ularning har uch nafaridan biri o‘z yaqinlari bag‘riga qaytmagani, el-yurtimizning front ortida ko‘rsatgan jasoratini xalqimiz hech qachon unutmaydi.
Biz urush va front orti faxriylarini faqatgina bayramlarda emas, balki har doim e’zozlab ardoqlashimiz, ularning sog‘ligi haqida har kuni, har soatda o‘ylashimiz lozim.
Joriy yilda ularga har tomonlama e’tibor yanada kuchaytiriladi.
Jumladan, mamlakatimizning eng yaxshi sanatoriylarida ularning salomatligini tiklash uchun qulay sharoitlar yaratamiz.
Urush yillarida xalqimiz ko‘rsatgan haqiqiy jasorat va matonatni – kino, teatr san’ati, badiiy-publitsistik asarlar, ilmiy tadqiqotlar orqali ko‘rsatish, aholi, ayniqsa, yoshlarimizga ta’sirchan tarzda yetkazish bo‘yicha katta ishlar olib borilmoqda.
Xususan, Toshkent shahrining Olmazor tumanida muhtasham “G‘alaba bog‘i” bunyod etilmoqda.
Xotira va qadrlash kuni va G‘alabaning 75 yilligini har tomonlama munosib va yuqori saviyada nishonlash uchun tayyorgarlik ishlarini puxta tashkil etishimiz kerak".
Shu kabi masalalar talabalar bilan birgalikda muhokama qilindi. Keyin esa, talabalar qiziqtirgan savollariga ma’ruzachilardan javob olishdi.

Bo'lishmoq: