04.02.2020 954

Toshkentdan saylangan yangi deputatlarning yangicha ishlashi va kreativ g‘oyalari

Bugun xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining saylovlardan keyingi birinchi sessiyalardan biri bo‘ldi. Unda Toshkent shahridagi Oliy ta’lim muassasalarining 2019-yilda amalga oshirilgan ishlari va 2020 yildagi ustuvor vazifalari masalasi kun tartibiga qo‘yildi. Poytaxtimizdagi oliy o‘quv yurtlari rektorlari oliy ta’lim muassasasini rivojlantirish Kontseptsiyasi, istiqboldagi rejalari haqida gapirdilar.
Meni qoyil qoldirgan narsa boshqa. Majlis odatdagidek rasmiy boshlanganday tuyuldi, ishtirokchilar telefonlarini endi kavlashni boshlamoqchi edilar. Birdaniga majlis yo‘nalishi tubdan o‘zgarib qetdi. Chunki Kengash raisi Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jaev qo‘liga tayyorlab berilgan stsenariyni chetga qo‘yib “Kelinglar, majlislarni eski sovet tizimidan qolgandek olib bormaylik. Toshkent shahri Kengashida bundan buyon majlislarimiz demokratik tarzda bo‘ladi. Ya’ni, “ha”, “yo‘q”, ovoz berish yo‘li bilan silliqqina va tekisgina o‘tmaydi. Shuning uchun biz endi majlisni olib borishning bunday tartibidan voz kechamiz. Bugun dildan gaplashamiz. Erkin gaplashamiz. Chunki, Sizlarning 15 daqiqalik quruq axborotingiz bilan muammoni hal qilib bo‘lmaydi. Bugun biz 60 nafar Toshkent shahar deputatlari bir tan-u bir jon bo‘lib ishlaymiz. Biz hamkasblarmiz endi. 5 yil birga ishlaymiz. Bizga poytaxtimizdagi muammolarning echimi muhim. Bugun boshlasak, yaqin 5-6 yilda muammo xal bo‘ladi. Ilgari shuncha vaqtimiz bekor o‘tib ketdi. Sizlar menga yordam beringlar”, - dedi Jaxongir Ortiqxo‘jaev.
Shahar hokimining tadbirkor bo‘lganligi, uni tadbirkorlikdan chiqqanligi uchunmi takliflari ichida bir qator fikrlari menga judayam yoqdi. Xususan, u, rektorlarga: “Xo‘sh, sizda minglab o‘zimizning talabalar bor. Nimaga o‘zingiz, prorektorlar yoki dekanlaringiz chet elda ko‘rgazmalarda yurib, xorijlik talabalarni olib kelmaysizlar? Nimaga Toshkentga Litva, Latviya, Polshadan kelib, bizning talabalarni olib ketayapti? Masalan, O‘zbekiston Milliy universitetida xorijdan 3000 nafar talaba ta’lim olsa, $ 3000 dan kontrakt to‘laydigan bo‘lsa, bu $9 000 000 investitsiya degani.
Agar kimki, shu rejalarni amalga oshirsa, poytaxtdan kamida 2 gektar er berishga tayyormiz. Chunki, agar 2 gektar erni tadbirkorga bersam, u bor yo‘g‘i 500 kishini ish bilan ta’minlashi mumkin. Agar 2 gektar erni 3000 nafar xorijlik talabasi bor universitetga bersam, ham ish o‘rni yaratiladi, ham investitsiya keladi.
Xorijlik talabalar faqat kontrakt pulidan tashqari bizning do‘konlarimizga kiradi, ko‘p narsalar xarid qiladi, maishiy xizmatlardan foydalanadilar, jamoat transportida, taksilarda yuradilar, qahvaxona, restoranlarga boradilar. Xullas, shahar ularga pullik xizmat ko‘rsatadi. Ularning ota-onalari va yaqinlari xabar olgani keladi. Bu degani pul ko‘payib, soliqlar tushumi esa ortadi.
O‘zbekistonda talabalik davri o‘tgan odam yurtimizni sevadi va keyinchalik ham kelishni xohlayveradi. O‘zbekiston haqida barchaga ko‘p-ko‘p gapiradi, taqdimotlar qiladi. Shu orqali sayyohlarni chaqiradi.
Xorijlik talabalarni jalb qilish universitet rahbariyatining mahoratiga bog‘liq. Professor-o‘qituvchilar dars berish metodologiyasini o‘zgartirishi kerak. Yangicha laboratoriyalar, zamonaviy auditoriyalar qurish kerak. Zamonaviy texnika va texnologiyalarni tushunadigan, biladigan kuchli kadrlarni tayyorlash kerak. “Scopus” ilmiy maqolalar bazasidagi jurnallarda O‘zbekiston olimlarining ilmiy materiallari chiqishi kerak.
Ochiq muloqot tarzida o‘tgan yig‘ilishda deputatlar tomonidan rektorlarga professor-o‘qituvchilarning “Scopus” ilmiy maqolalar bazasidagi jurnallarda materiallari soni kamligi, Pedagogika institutlarini tamomlagan yosh kadrlar auditoriyalarga kirishga tayyor emasligi, super kontraktdan tushgan milliard milliard pullar kadrlar salohiyatini oshirishga, chet davlatlarda O‘zbekistonlik professor-o‘qituvchilarning malaka oshirib kelishga, o‘zaro tajriba almashishga ishlatilmayotganligi haqida gapirildi, aniq takliflar berildi.
Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi raisining va deputatlarining g‘oyalari menga juda yoqdi. Bugun Oliy ta’lim muassasalariga erkinlik berilayotgan bir paytda ilg‘or fikrlaydigan rektorlar, prorektorlar, dekanlar juda zarur. Oliy ta’limni isloh qilishda unikal imkoniyat berilyapti. Biz undan oqilona foydalanaylik.
Boshqa viloyat deputatlari ham poytaxt Kengashi deputatlaridek ishlariga kreativ yondashishsa, yaxshi bo‘lar edi.

Bo'lishmoq: