26.07.2022 642

Aholi qanday tartibda ro‘yxatga olinadi?

Aholini ro‘yxatga olish - belgilangan sanada aholining demografik va ijtimoiy-iqtisodiy tavsiflarini belgilovchi shaxsga doir ma’lumotlarni yig‘ish hamda ularga ishlov berish davriy jarayoni. Bu jarayon respublika bo‘ylab yoki uning muayyan hududlarida 10 yilda 1 marta o‘tkaziladi. Aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish to‘g‘risidagi taklif Hukumat tomonidan Prezidentga, qoidaga ko‘ra, rejalashtirilayotgan sanadan 3 yil oldin kiritiladi.
Asosiy maqsadi aholi tarkibining holati va rivojlanish dinamikasi haqida mamlakatni sotsial-iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy rivojlantirish sohasidagi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlarini belgilash va amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan ishonchli va xolis axborotni olishdan iboratdir.
Aholini ro‘yxatga olish shaxsga doir ma’lumotlarni yig‘ish amalga oshiriladigan savollar ro‘yxati belgilangan dastur bo‘yicha o‘tkaziladi, unda quyidagi savollar bo‘lishi shart: FIO, tug‘ilgan sanasi va joyi, yoshi, jinsi, millati, fuqaroligi, yashash joyi (turgan joyi), tillarni bilishi, ma’lumoti, nikoh holati, bolalarining soni, uy xo‘jaligi tarkibi, uy-joy sharoitlari, bandligi, yashash uchun mablag‘lar manbalari, migratsiya (ichki va tashqi). Hukumat tomonidan dasturiga qo‘shimcha ravishda boshqa savollar kiritilishi mumkin, biroq unga kiritilganmagan savollarni berish taqiqlanadi. Yig‘ilgan barcha shaxsiy ma’lumotlar maxfiy hisoblanadi hamda respondentning roziligisiz ularni oshkor etish va tarqatishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Qonun bo‘yicha aholini ro‘yxatga olish dasturi loyihasini va ro‘yxatga olish hujjatlarining shakllarini, shaxsga doir ma’lumotlarni yig‘ish hamda boshqa tadbirlarni sinovdan o‘tkazish maqsadida sinov tariqasida aholini ro‘yxatga olish o‘tkaziladi. Bu jarayonni o‘tkazish tartibi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Respondentlar yashaydigan (turadigan) turar joylarni va boshqa xonalarni aylanib chiqish chog‘ida yoxud mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan ushbu maqsadlar uchun beriladigan xonalarda ro‘yxatga olish varaqlarini to‘ldirish orqali respondentlar so‘rovi o‘tkaziladi. Bunda axborot xavfsizligi ta’minlangan holda axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish mumkin.
Respondentlar so‘rovi davlat tilida o‘tkaziladi, davlat tilini bilmaydiganlar ona tilida yoki erkin ravishda tanlangan muloqot tilida so‘rovdan o‘tkaziladi. Ro‘yxatga olish varaqlari ro‘yxatga oluvchi xodimlar tomonidan (maxsus kontingentdan tashqari) respondentlarning so‘zlari asosida to‘ldiriladi. Respondent savollarga javob berishni rad etgan taqdirda, ro‘yxatga olish varag‘i fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlaridagi yoki mahalliy davlat hokimiyati organlaridagi mavjud ma’lumotlar asosida to‘ldiriladi.
O‘tkazilgan ro‘yxat olish natijalariga ko‘ra yig‘ma statistik axborot shakllantiriladi. Aholining demografik va ijtimoiy-iqtisodiy holatining asosiy ko‘rsatkichlari foydalanish uchun ochiqdir hamda ular OAVda e’lon qilinadi va maxsus vakolatli davlat organining rasmiy veb-saytiga joylashtiriladi.
Aholini ro‘yxatga olish jarayoniga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish davlat byudjeti mablag‘laridan hamda qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalardan moliyalashtiriladi.

 

Bo'lishmoq: