18.10.2021 478

Yunusobod tumani hokimi O‘zJOKUda

Bugun O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetida Toshkent shahri Yunusobod tumani hokimi Jahongir Ibrohimov mehmon bo‘ldi.

Yunusobod tumani hokimi o‘z tumani hududida joylashgan universitet binosini katta qiziqish bilan ko‘zdan kechirdi. Talabalar va ishchi xodimlarga yaratilgan sharoit bilan birga universitet atrofida yashovchi aholining universitetga nisbatan alohida iliq munosabatidan ham mamnun bo‘ldi. Universitet atrofidagi aholi turar joylarida yashovchi fuqarolar universitet tomonidan bayram kunlarida yosh-u qariga qaratilgan e’tibordan, kichkintoylar uchun universitet jamoasi tomonidan turli to‘garaklar, qiziqarli darslar, sport mashg‘ulotlari tashkil etilgani, qariyalarga esa muntazam kerakli yordam ko‘rsatilishi haqida ham minnatdorlik bilan ta’kidlab o‘tishdi.

Jahongir Bahodirovich shuningdek, universitetda tashkil etilgan saylov okrugidagi sharoit bilan ham tanishdi. Talabalar turar joyi, o‘quv auditoriyalari, mobil muzeylar va boshqa diqqatga sazovor manzillarni ham alohida qiziqish bilan tomosha qildi.

Tashrifning yakuni universitet oshxonasida bo‘ldi. Hokim talabalar tanovvul qilishlari uchun mo‘ljallangan joyning qulayligini shaxsan tekshirib, taqdim etilayotgan taomlardan tatib ham ko‘rdi. Universitet rektori, professor Sherzodxon Qudratxo‘ja esa o‘z talabalari uchun nafaqat mazali balki sifatli va hamyonbop taomlar tayyorlashlari haqida ham alohida to‘xtalib o‘tdi.

Bo'lishmoq: