26.06.2022 558

Yangi yo‘nalishlar, yangi imkoniyatlar!

O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori, professor Sherzodxon Qudratxo‘ja Tashqi ishlar vazirligi Hay’at majlisida ishtirok etdi.
 
Yig‘ilishda mamlakatimizning bir qator oliygohlari, xususan Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti, Toshkent davlat yuridik universiteti, O‘zbekiston davlat Jahon tillari universiteti, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, Vestminster universiteti, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti rektorlari va mas’ullari ham qatnashdilar.
 
Kun tartibidagi masala – universitetlarning xalqaro hamkorlik bo’yicha amalga oshirayotgan ishlari bo‘ldi. Albatta, xalqaro aloqalar orqali OTM jahon miqyosida taniladi, natijada yangi imkoniyatlar eshiklari ochiladi.
 
Yig‘ilishda Sherzodxon Qudratxo‘ja universitetning xalqaro hamkorlik masalalari bo‘yicha alohida to‘xtalib o‘tib, xalqaro hamkorlikni kengaytirish va ta’lim olish maskanida tahsil olayotgan talabalarga kengroq imkoniyatlar yaratib berish borasida ham o‘z takliflarini ilgari surdi.
 
O’zJOKUda yangi tashkil etilgan yo’nalish va mutaxassisliklar, jumladan:
• Siyosatshunoslik, Xalqaro munosabatlar, Xalqaro aloqalar va jahon siyosati yo‘nalishida tahsil oluvchi talabalar amaliyotlarini O‘zbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalarida o‘tash;
• Diplomatik etiket va protokol xodimlari bilan mahorat darslarini tashkil qilish;
• Siyosatshunoslik, mintaqashunoslik, xalqaro munosabatlar yo’nalishlarida o’qiyotgan talabalar uchun kerakli adabiyotlar va kitoblar bilan ta‘minlash;
• Talabarning qiziqishlarini oshirish maqsadida O‘zbekistonda joylashgan xorijiy diplomatik vakolatxonalar tomonidan turli yo‘nalishlarda tanlovlar o‘tkazish va boshqa ko‘plab takliflar berildi.
 
Tashqi ishlar vaziri vazifasini bajarib kelayotgan Vladimir Norov ushbu takliflarni hayotga tadbiq qilishda TIV universitetga amaliy yordam ko‘rsatishga tayyor ekanligini bildirdi.
Bo'lishmoq: