03.10.2021 550

Vazirning universitetdagi bir kuni

Kuni kecha Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Аbduqodir Toshqulov Xalqaro press-klubning jonli efiri bahonasida O‘zJOKUda mehmon bo‘ldi.

Jonli efir boshlanishidan bir soat avval manzilga yetib kelgan vazir universitet rektori Sherzodxon Qudratxo‘ja bilan jurnalistlar ta’lim muassasasini ko‘zdan kechirdi.

Аvvaliga, mehmonlar universitet hovlisini aylanishdi: har qadamdagi o‘rindiqlar, kurant ovozi, yashillik, rang barang Press wall, xullas bularning bari universitetdagi iliq muhitni ko‘rsatdi.

Shundan so‘ng esa XPKning qariyb ikki soatlik jonli efiri boshlandi. Unda O‘zJOKUning ham yuqori ball olib talabalik baxtiga muyassar bo‘lgan talabalari ishtirok etishdi. Suhbat juda samimiy, rasmiy qoliplarsiz, ajoyib o‘tdi. Talabalarning ko‘plab savollariga, muammolariga javob berildi.

Efir tugagach, vazir birdan ketishga oshiqmadi. Balki universitet talabalari bilan suhbatlashishni xohladi va ularning takliflari hamda oliy ta’lim borasidagi fikrlarini eshitdi. Talabalar bilan bo‘lgan suhbatdan so‘ng, barcha yig‘ilganlar esdalik uchun rasmga tushishdi, Abduqodir Xamidovich esa universitet bo‘ylab ekskursiyani davom ettirdi.

Rektor Sherzodxon Qudratxo‘ja hamda Abduqodir Toshqulov birgalikda universitetning o‘quv xonalarini va ta’lim jarayonini ko‘zdan kechirdilar. Darsda o‘tirgan talabalar bilan suhbat esa har ikki taraf uchun ham juda esda qolarli bo‘ldi. Shuningdek, universitetda yaratilgan ijodiy muhitning bir bo‘lagi bo‘lgan mobil muzeylar, ulardagi turli eksponatlar ham vazirning e’tiboridan chetda qolmadi.

Kun kechga yaqinlashganida esa vazir “My sweet home” – O‘zJOKU talabalari yotoqxonasiga yo‘l oldi. U yerdagi sharoit, qulayliklar bilan tanishar ekan, haqiqatdan ham maskan talabalarning sevimli uyiga aylanganiga tan berdi.

Shu asnoda bugun O‘zJOKU uchun ajoyib kun bo‘ldi. Faqatgina Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri tashrifi sababli emas, balki jurnalistlar tahsil oladigan universitet maqomiga mos ravishta jonli efirlarni to‘g‘ridan to‘g‘ri o‘z maydonida muammolarsiz tashkil eta olgani uchun ham!

Abduqodir Xamidovichni esa universitetimizda yana va yana kutib qolamiz!

Bo'lishmoq: