10.06.2022 1474

Turkiya elchisi bilan hamkorlik bo‘yicha uchrashuv bo‘lib o‘tdi

Bugun O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori, Milliy media assotsiasiyasi raisi, professer Sherzodxon Qudratxo‘ja hamda Turkiyaning O‘zbekistondagi elchisi Olgan Bekar o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. 

Uchrashuv avvalida har ikki taraf olib borilayotgan hamkorlik masalalari yuzasidan fikr almashdilar. Jumladan, assotsiasiya tarkibiga kiruvchi media vakillarining malaka oshirish masalalari, viloyatlarda faoliyat yurituvchi O‘zMMAga a’zo teleradiokanallarni texnik uskunalar bilan ta’minlash yuzasidan muzokaralar olib borildi.

Shu bilan birga, professor Sherzodxon Qudratxo‘ja tomonidan tarixiy ajdodlarimizning jasorati, ilm-ma’rifati, ularning jahon tamadduniga qo‘shgan hissasini ko‘rsatuvchi medialoyihalar yaratish taklifi berildi. O‘z navbatida, elchi Olgan Bekar janoblari mazkur taklifni qo‘llab-quvvatlashini, media sohasida o‘zaro ma’rifiy-madaniy aloqalarni kengaytirish va bu borada tashkiliy ishlarni boshlashga roziligini bildirdi.

Shuningdek, uchrashuvda O‘zbekistonga Turkiyaning televideniye, internet olamida faoliyat yurituvchi  taniqli mutaxassislarni taklif etib, ular ishtirokida uchrashuvlar, davra suhbatlari o‘tkazish hamda mamlakatimizning ko‘hna tarixini aks ettiruvchi ko‘plab loyihalarni keng formatda yoritishni tashkil etish masalalari ham muhokama etildi.

Bo'lishmoq: