02.07.2021 743

Rektorning bir kuni

Yaqinda bayram munosabati bilan o‘tkazilgan OTM matbuot kotiblari yig‘ilishida rektorimiz Sherzodxon Qudratxo‘janing jurnalistlarga o‘tgan master klasslaridan so‘ng, bir hamkasbim menga qarab:

– Voy bo‘, shuncha ishi bilan rektoriz universitetga bormasayam kerak. Sizgayam mazza ekanda – dedi. Chin dildan kuldim va “ha” – dedim o‘ylab ham o‘tirmay!

U meni o‘zi istaganicha tushunganiga shubham yo‘q, lekin men nima uchun “ha” deganimni o‘zim juda yaxshi tushungandim. Men shu savoldan so‘ng ko‘pchilik o‘sha hamkasbim kabi o‘ylashini angladim va rektorning bir kuni haqida yozishga qaror qildim. Hammasi umumiy bo‘lmasligi uchun aniq bir kun - kechagi kunni tanladim…

2021-yil, 1-iyul. Rektorning bir kuni.

Soat 9 larga yaqinlashar ekan darvoza qarshisida rektor mashinasi ko‘rindi, yuqoriga ko‘tarilib, muhim masalalar bo‘yicha kun tartibini tayyorladik. Ammo oradan ancha vaqt o‘tsa ham rektor xonasiga ko‘tarilmadi. Derazadan “razvedka” qildik, rektor hovlida universitet bog‘i, qushlari, baliqlarni ko‘zdan kechirib, hovlida ishlayotgan ishchilar bilan suhbatlashardi, muammolar va yaxshi xabarlar haqida gaplashgach, ishchilarga qarab – rahmat, muammolar bo‘lsa aytasizlar, hammasini hal qilamiz, salqinda ishlanglar oftob urmasin dedilar. Ortga o‘girilib binoga kirarkan men ishchilarga qaradim, barchasining yuziga tabassum yugurgan, endi hamma jo‘shib ishlay boshlagandi, yaxshi gap barbir yaxshida deb qo‘ydim o‘zimga o‘zim. Rektor esa qabul komissiya uchun ajratilgan bo‘limga yo‘l oldi. Qabul jarayonlari qanday ketayotgani, abiturientlar uchun sharoitlar qanday ekani, call markaz faoliyati, texnik kamchiliklar bor yo‘qligi haqida suhbatlashdilar. So‘ng, abiturientlar ham bizni bolalarimiz, hafa bo‘lib ketishmasin, o‘qishsin, tayyorlanishsin, jurnalist bo‘laman deb yonib turganlarini quruq yubormanglar kitoblar sovg‘a qilinglar dedilar. Sizlar esa meni komandamsiz, yaxshi ishlanglar, sizlarga tushlik tashkil qilishadi aytaman dedilar. Suhbatdan hamma o‘ziga kunlik motivatsiya quvvatini olgandi, endi buni sezish uchun ortga qarash ham shart emasdi.

Keyingi manzil magistratura bitiruvchilarining dissertatsiya himoyasi yig‘ilishi bo‘ldi. Unda ham ishtirok etib magistrlar va hay’at a’zolari faoliyatiga omad tiladilar. Kun tushga yaqinlashardi, rektor shaxmat maktabini ko‘zdan kechirdilar va kechga balki hovlida hammamiz bolalar bilan birga shaxmat o‘ynarmiz dedilar. Hammamiz rozi bo‘ldik. Keyin Sherzodxon Qudratxo‘jani Xalqaro Press Klubga “Yoshlar kuni” munosabati bilan taqdirlangan shogirdlarini tabriklash uchun chaqirishdi.

Press klubdan qaytgach, universitet tashkiliy masalalari bo‘yicha yig‘ilish bo‘ldi. Abiturientlar uchun qabulda sharoit yaratish, magistrlar kadrlarni ishga joylashtirish, yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik ko‘rish, talabalar uchun texnik jihozlangan auditoriyalarni ko‘paytirish, o‘qituvchilar ilmiy salohiyatini oshirish, ilmiy maqolalar uchun mukofot mablag‘lari joriy etish, darsliklar chop etishni universitet hisobidan moliyalashtirish, xullas hammasi ko‘rib chiqildi, topshiriqlar berildi, masalalar hal etildi.

Kun oxirlab borayotgandi ammo rektor tushlik qilishni ham unutgandi…

Hovlida shaxmat uchun joy tayyorlandi, rektor kun tartibi bo‘yicha hujjatlarni ko‘rib chiqqach, universitet hodimlari bilan biroz shaxmat o‘ynadilar. Keyin yana qo‘ng‘iroq bo‘ldi va rektorni yana yig‘ilishga chaqirishdi. Vaqt allaqachon kechki 8 dan o‘tgan edi…

Sherzodxon Qudratxo‘ja majlisdan qaytganlarida soat tungi 10 dan o‘tayotgandi. Rektor yig‘ilishdan charchoq bilan emas yangi energiya va yangi odamlar: O‘zbekiston Madaniyat Vaziri, Xalq artisti Ozodbek Nazarbekov va O‘zA direktori o‘rinbosari, taniqli bloger Xushnud Xudoyberdiev bilan birga qaytdilar. Universitetda shaxmat o‘ynash uchun yig‘ilganlarga ham bu syurpriz bo‘ldi. Barcha birgalikda shaxmat o‘ynadi, Ozodbek aka bilan o‘yinda Xushnudbek g‘olib bo‘ldi…

Kun oxirlab qolgandi, rektor mehmonlarni kuzatib, XPKning navbatdagi sessiyasi haqida jamoa bilan maslahatlashdilar, uyga qaytayotganlarida esa soat tungi 1:30 lar ekan. Albatta, bu vaqtda men universitetda emasdim, allaqachon uyda dam olayotgandim…

Soat 10 daqiqasi kam 11 bo‘ldi, darvozadan rektor mashinasi ko‘rindi. Sherzodxon Qudratxo‘ja xonaga kirganlarida esa butun universitet energiyaga to‘lganini his qilish mumkin edi, chunki rektor uyqusizlikdan charchagan, horg‘in emas, kuchga shijoatga to‘la edi. “Assalom alaykum, opa yaxshimisiz biz yig‘ilishga tayyormiz hammasi tayyormi?” dedilar yaxshi kayfiyat bilan va Markaziy saylov komissiyasi a’zolari bilan (rektor XPK raisi bo‘lish bilan birga, MSK a’zosi hamdir) zoom orqali muloqotga yo‘l oldilar. Men tabassum bilan ha tayyormiz degancha qoldim chunki javobimning ayni damda ahamiyati yo‘q edi, negaki rektor barchasiga doim o‘zlari ruhan tayyor edilar…

Bu satrlarni yozar ekanman, o‘sha kungi uchrashuvda sizga mazza ekanda degan hamkasbimga aytmoqchiman: Ha, menga haqiqatda mazza, hayotda maqsadga ega bo‘lgan, o‘zidan va boshqalardan nima istashini, kimlar bilan qanday ishlashni biladigan professional rahbar bilan ishlash haqiqatda juda maroqli va men bu jihatdan juda omadliman. Rektor esa shuncha ishlari bo‘lsa ham universitetga har kuni keladilar, biroz bo‘sh vaqt topsalar viloyatlarga chiqib qishloq hayotini, u erda yashayotgan insonlarni o‘rganib keladilar, kerak bo‘lsa yarim tungacha ishlaydilar.

Aslida rahbari yo‘q bo‘lganida emas, rahbari borligida mazza qilib ishlay oladigan hodimlar baxtlilar. Men ham ular orasidaman, o‘shanda “ha” degan javobim bilan aynan shuni tushuntirmoqchi bo‘lgan edim!

Universitet matbuot xizmati rahbari Kamola Yusupova.

Bo'lishmoq: