24.09.2021 603

Ozod Sharafiddinov hujjatli filmining taqdimot marosimi

Assalomu alaykum, hurmatli mehmonlar, qadrli do‘stlar!

Bugun yurtboshimiz tashabbuslari bilan tasvirga olinayotgan “Xalq yuragi” turkumidagi hujjatli filmlar qatoridan joy olgan, atoqli adibimiz Ozod Sharofiddinov xotirasiga bag‘ishlangan hujjatli filmning taqdimot marosimida yig‘ildik va bugun shu erda barchangizni ko‘rib turganimdan juda mamnunman. Taqdimotga Ozod akaning farzandlari, yaqinlari, shogirdlari, ularni tanigan bilganlar kelishgan ya’ni oramizda ularga begona bo‘lganlar yo‘q, aslida yurtimizda ularga begona bo‘lgan jurnalist yoxud yozuvchining o‘zi yo‘q!

Negaki, O‘zbekiston xalq qahramoni, adabiyotshunos, tarjimon, essenavis Ozod Sharafiddinov nafaqat adabiy hayotda, balki ijtimoiy hayotda ham nihoyatda faol xizmat qilgan. Ozod Sharafiddinov Respublikamizdagi eng nufuzli ikki jurnal “Tafakkur” va “Jahon adabiyoti” jurnallarining tashkil etilishida katta jonbozlik ko‘rsatdi. Jumladan, “Tafakkur” jurnali tashkil qilinganida Ozod Sharafiddinovning o‘ziga xos ishlash tartibi, serqirra fikr egasi, gapirish manerasi haqida O‘zbekiston xalq yozuvchisi Erkin A’zamning bir nechta esse-xotiralarida yozilgan.

Ushbu esse-xotiralarga tayanib Ozod aka jurnaldagi talay tashabbus va boshlanmalarning muallifi bo‘ldilar desak adashmaymiz. Ayni shu jurnalda Ozod Sharafiddinovning juda katta shov-shuvlarga sababchi bo‘lgan “E’tiqodimni nega o‘zgartirdim?” maqolasi aynan “Tafakkur” jurnalida chop etilgan.

Sharafiddinov “Tafakkur” jurnalini oyoqqa turg‘azib, “Jahon adabiyoti” jurnalini tashkil etish ishlariga bel bog‘laydi va bu ishni ham sidqidildan, katta shijoat va mehr bilan amalga oshiradi. Gaplarimning isbotini esa jurnalning hozirgi kunga qadar ham ommabop va o‘quvchilar uchun qiziqarli bo‘lib kelayotganidan bilish mumkin.

Qolaversa, Ozod Obid taxallusi bilan Lev Tolstoyning “Iqrornoma” asarini tarjima qilib, “Tafakkur” jurnalida chop etgach, ko‘p o‘tmay, rus adabiyotining buyuk yozuvchisi Tolstoyning falsafiy fikrlari turtkisi bilan o‘zilari ham yuqorida nomi keltirilgan “Men e’tiqodimni nega o‘zgartirdim” nomli kattagina maqolasini yozadi. Olim bu maqolada sho‘roviy e’tiqoddan nega voz kechganini e’tirof etgan. Bu maqola adabiy jamoatchilik orasida aks-sado berdi. Ozod Sharafiddinovning ulkan adabiy maktabini o‘tagan har ikki jurnal shu bugun ham o‘zining mavqeini aslo tushirgani yo‘q.

Ozod Sharofiddinovdan qolgan ulkan maktabni O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti talabalariga ham o‘rgatish uchun biz universitetdan domlaning muzeylarini tashkil etganmiz, muzeydan Ozod akaning shaxsiy kitoblari, buyumlari, esdalik suratlari, qo‘lyozmalari, ko‘zoynaklarigacha joy olgan. Bu xonaning ruhi, fayzi o‘zgacha ekanini universitetimizda mehmon bo‘lganlar yaxshi bilishadi. Shuningdek, biz Ozod Sharofiddinov nomini talabalarimiz orasida ham yanada yuksaltirish uchun universitetimizda atoqli adib, “O‘zbekiston qahramoni”, adabiyotshunos va adabiy tanqidchi “Ozod Sharafiddinov” nomli maxsus stipendiya joriy etdik. Ushbu stipendiyaga universitetimizning barcha talabalari, ya’ni 1-4 bosqich bakalavr hamda 1-2 kurs magistratura talabalari da’vogarlik qilishlari mumkin. Talabdorlardan adibning hayoti va ijodini yaxshi bilish, ularga oid savol – javoblarga to‘liq javob bera olish talab qilinadi. Stipendiantlik shartlarida g‘olib bo‘lganlarga biz yurtimizda mavjud boshqa nomli davlat stipendiyalariga tenglashtirilgan miqdorda stipendiya to‘lab berishni reja qilganmiz.

O‘ylaymanki, bu kabi amalga oshirilayotgan tadbirlar Ozod Sharofiddinov nomini kelajak avlodga ham yaxshi tanitish, ularning millat adabiyoti va publitsistikasiga qo‘shgan katta hissasini unutmaslik uchun xizmat qiladi.

Bu kabi hujjatli filmlarning yaratilishi esa mamlakatimizning ham kinomatografiyasi, ham adabiyoti va jurnalistikasi uchun rivojlanish sari qo‘yilgan katta qadam bo‘lib xizmat qiladi. Barchangizga e’tibor uchun rahmat, film ijodkorlariga ham alohida tashakkur, marhamat filmni tomosha qiling, maroqli hordiq tilayman!

O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy

kommunikatsiyalar universiteti rektori,

professor Sherzodxon Qudratxo‘ja

Bo'lishmoq: