28.09.2022 314

O‘zJOKU vakillari AQSHda

O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar univetsiteti vakillari AQSHning Michigan Davlat Universitetida bo‘ldilar.

O‘zJOKU va MSUning hamkorlik aloqalarini boshlab bergan “Knight center for Environmental Journalism” rahbari Dr. Freedman universitet vakillarini fakultet va markaz jamoasi bilan tanishtirdi. Birgalikda safar davomida o‘tkazilishi rejalashtirilgan tadbirlar hamda safar dasturida belgilangan boshqa uchrashuvlar ikki taraf vakillari bilan o‘zaro muhokama qilindi.

Shuningdek, O‘zJOKU ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Nozima Muratova boshchiligidagi jamoa a’zolari “School of Communication arts and Science” dekani Dr. Tim Vos bilan ko‘rishib o‘zaro hamkorlikning istiqbollari haqida fikr almashdilar.

Suhbat doirasida O‘zJOKU prorektori talabalar almashinuvi, qisqa muddatli stajirovkalar, hamkorlikdagi ilmiy konferensiyalar tashkil qilish bo‘yicha o‘z takliflarini bildirdi.

Kunning ikkinchi yarmidagi uchrashuvlar “The State News” gazetasi tahririyati va MSU talabalari tomonidan chop etiladigan mazkur nashrning ijodiy jamoasi bilan tanishuvdan boshlandi. Universitet gazetasi sifatida shakllangan mazkur nashr faoliyatining keyingi bosqichlarida talabalarning mustaqil gazetasi sifatida ajralib chiqishi va bosma matbuot uchun murakkab bo‘lgan hozirgi davrda ham o‘z auditoriyasiga ega bo‘lishi vakillarimiz diqqatini tortgan asosiy xususiyatlardan biri bo‘ldi.

Nashr muharriri Kim Margolis taklifiga ko‘ra professor-o‘qituvchilar tahririyat a’zolarining har doim gazeta nashridan oldin tashkil etiladigan “brain storming” jarayonlarini kuzatdi. Kunning so‘nggi uchrashuvi juda boy taassurotlar ulashgan MSU kutubxonasida bo‘ldi. Kutubxona xodimi Kathleen Weessies universitet kutubxonasi va uning fondida saqlanayotgan kitoblar, 24 soat davomida faoliyat ko‘rsatadigan kutubxonadan foydalanish qoidalari haqida batafsil ma’lumot berdi.

Bo'lishmoq: