26.11.2022 466

“O‘zbekiston Yosh diplomatlari klubi” ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi

Joriy yilning 25-noyabr kuni Tashqi ishlar vazirligi muassisligida tashqil etilgan “O‘zbekiston Yosh diplomatlari klubning rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Unda Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov, Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari – Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti rektori Sodiq Safoev, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik Kengashi raisi o‘rinbosari – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tashqi siyosat masalalari bo‘yicha maxsus vakili Abdulaziz Kamilov, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining birinchi o‘rinbosari Komiljon Karimov, Turizm va madaniy meros vazirining o‘rinbosari Baxtiyor Ibragimov, oliy ta’lim muassasalari rahbarlari hamda Klub a’zoligiga qabul qilingan 50 nafar talaba-yoshlar qatnashdi.

Tashqi ishlar vaziri V.Norov o‘z tabrik nutqida, Prezidentimiz tomonidan olib borilayotgan bilimli va iqtidorli yosh kadrlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va tarbiyalashga qaratilgan siyosatga muvofiq, yosh diplomat-kadrlar zaxirasini shakllantirish hamda o‘zbek diplomatiyasi an’analarining davomiyligini saqlash maqsadida Tashqi ishlar vazirligi muassisligida Nodavlat notijorat tashkilot sifatida “O‘zbekiston Yosh diplomatlari klubi” tashkil etilganligi haqida ma’lumot berib o‘tdi.

Ushbu Klubning ustuvor vazifalari sifatida xalqaro munosabatlar sohasida tahsil olayotgan talabalar va yosh diplomatlarning kasbiy mahoratini va malakasini oshirish, ularning o‘z salohiyati va qobiliyatlarini ro‘yobga chiqarishga ko‘maklashish belgilangan.

Yurtimizning eiakchi oliy ta’lim muassasalari, shu jumladan Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, Toshkent Davlat sharqshunoslik universiteti, Toshkent davlat yuridik universiteti, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, O‘zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti, Toshkent shahridagi Xalqaro Vestminster universiteti rahbarlari va Vazirlik xodimlari tomonidan birgalikda olib borilgan ikki bosqichdan iborat sinov yakunlariga ko‘ra mazkur o‘quv yurtlari tahsil oluvchi 200 dan ortiq talabgorlar orasidan 50 nafar o‘zini har tomonlama bo‘lajak diplomat sifatida namoyon eta olgan iqtidorli talabalar Klub a’zoligiga tavsiya etildi.

Tadbir davomida “O‘zbekiston Yosh diplomatlar klubi” raisi A.G‘iyosov Klub faoliyati bilan tadbir ishtirokchilarini tanishtirib o‘tdi. Tadbirning tantanali ochilish marosimida Klub ishtirokchilari bilan umumiy suratga tushish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbir yakunida talaba-yoshlar tomonidan tashkil etilgan ko‘rgazma hamda ijodiy chiqishlar mehmonlarda yuqori taassurot qoldirdi.

Bo'lishmoq: