29.09.2022 369

O‘zbekiston va Yaponiya oliy ta’lim muassasalari rektorlarining 4-forumi

O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori, professor Sherzodxon Qudratxo‘ja Yaponiyaning Sukuba universitetida bo‘lib o‘tayotgan O‘zbekiston va Yaponiya oliy ta’lim muassasalari rektorlarining 4-forumida ishtirok etmoqda.

Forum doirasida O‘zJOKU rektori, professor Sherzodxon Qudratxo‘ja Sukuba universiteti mas’ullari va professorlari Ito Hironori, Toshinobu Usuyama, Ono Masaki bilan, SOKA universiteti professorlari Suzuki Masashi, Shinsaku Takaha bilan, Tokiyo xorijiy fanlar universiteti professorlari Shimada Shizuo, Kimura Satoru va Sophia universiteti professorlari Takeshi Yuasa, Takashi Okada bilan uchrashib, ta’lim sohasidagi yangi innovatsiyalar borasida suhbatlashdilar.

O‘zbekiston Respublikasi va Yaponiya o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligi munosabati bilan O‘zbekistondan ham vakillar ishtirok etayotgan ushbu forum Yaponiyaning mashhur Sukuba universitetida bo`lib o‘tmoqda.

Sukuba universiteti Yaponiyadagi milliy universitetlardan biri bo‘lib, mamlakatdagi eng yaxshi o‘nta universitet qatoriga kiradi. Global miqyosda 50 yil oldin tashkil etilgan universitetlar orasida u 15-o'rinni egallaydi. Universitet 140 yildan ortiq tarixga ega, u pedagogika universiteti sifatida tashkil etilgan va Yaponiyadagi birinchi oliy taʼlim muassasasi hisoblanadi.

Sukuba universitetida 9 ta bakalavriat boʻlimi, 10 ta magistratura boʻlimi va 7 ta doktorlik dasturi mavjud. Hozirda universitetda 17 mingga yaqin talaba tahsil olmoqda, shundan 2500 nafari xorijlik talabalardir. Universitet o‘qituvchilari soni 2376 nafarni tashkil etadi. Universitet fakultet dekanlaridan birining yurtdoshimiz ekani esa alohida faxrlanishga arzirlidir.

Bo'lishmoq: