14.04.2020 2216

Talabalar bilan onlayn-konferentsiya: nimalar muhokama qilindi?

Bugun O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori Sherzodxon Qudratxo‘jayev talabalar bilan ZOOM ilovasi orqali onlayn-konferensiya o‘tkazdi.

Talabalarning turmush sharoitlari bilan qiziqdi, online darslar bo‘yicha talabalarning fikrlarini eshitib, bugungi sharoitni talabalarga tushuntirdi.

Bilasiz ta’lim muassasalarida, shuningdek, bizda ham koronavirus pandemiyasi tufayli barcha darslar masofadan turib olib borilmoqda. Ba’zi talabalarda internet tezligi pastligini inobatga olmaganda talabalar onlayn darslarda juda faol ishtirok etishyapti.

Rektor Sherzodxon Qudratxo‘jayev talabalar faolligini e’tirof etdi:

"Qadrli talabalar! Hech narsa sizni bilim olishingizga to‘sqinlik qilmasligi kerak. Har doim bir yo‘lni topish mumkin. Shuning uchun men sizlarga yanada yaxshiroq va ko‘proq o‘qishingizni maslahat berib qolaman. Universitet ma’muriyati darslarning interaktiv va samarali o‘tishini ta’minlash uchun barcha imkoniyatlarni ishga solmoqda. Biz sizni yanada qiziqtiradigan yangi videodarslarni tashkil etish ustida ish olib boryapmiz. Hozircha esa o‘qituvchilar sizdan nima talab qilsa hammasini bajarishingizni so‘rab qolaman.

Hozir biz, jurnalistlar, jamiyatdagi o‘rnimiz haqida yanada ko‘proq o‘ylashimiz kerak. Pandemiya paytida OAV vakillarining o‘rni qanday? Jurnalist va blogerlar koronavirus mavzusini qanday yoritmoqda? Eng muhimi - biz tahlil qila olishimiz va to‘g‘ri xulosalar chiqarishimiz lozim. 

Koronavirusdan keyin hayot qanday bo‘lishini o‘ylash vaqti keldi;

pandemiyadan keyin mahalliy jurnalistikada qanday o‘zgarishlar bo‘ladi;

internet-jurnalistikasi qay tarzda rivojlanadi. Agar e’tibor bergan bo‘lsangiz, oynai jahon, internetda kamdan-kam reportajlarni uchratishimiz mumkin, chunki hozirda uni tayyorlashning imkoni yo‘q. Shuning uchun endi biz ko‘proq tahliliy materiallar ustida ishlashimiz kerak. Shunda jurnalistika odamlarning e’tiborini o‘ziga yanada jalb qila oladi.

Hozirgi zamonda jurnalistning asari uzun va bir-necha betli bo‘lishi kerak emas. Hozirgi avlod longridlarni o‘qishni yoqtirmaydi. Materiallar qisqa, lekin shu bilan birga aniq va lo‘nda bo‘lishi kerak. Bundan tashqari, materiallarga podkastlar yohud audiovizual vositalarni ishlarish yanada samarali natijani beradi. 

Shuning uchun, hech qachon to‘xtab qolmang va o‘zingiz ustida ishlang. Koronavirus pandemiyasining media-sohaga ta’sirini o‘rganing. Agar qandaydir taklifingiz bo‘lsa, ularni amalga oshirish uchun qo‘limizdan kelganicha harakat qilamiz. Sizni xavotirga solayotgan va qiziqtirayotgan savollar bo'lsa, bemalol berishingiz mumkin. Biz doimo siz bilanmiz!

Birgalikda biz kuchmiz! Birga yengamiz".

Bo'lishmoq: