17.04.2020 592

Media Covid-19 sharoitida: OAV faoliyatida pandemiya turtki bergan o‘zgarishlar

Hozirda O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti ilmiy tadqiqotchilari tomonidan mamlakat va xorijiy ommaviy axborot vositalarining karantin davridagi faoliyati bo‘yicha ilmiy tahlillar uzluksiz tarzda olib borilmoqda. Xususan, “Media COVID-19 sharoitida” mavzusida onlayn tarzda o‘tkazilgan ilmiy seminar olimlarning pandemiya va ilmiy tadqiqot doirasida to‘plangan tahlillari bilan o‘rtoqlashish, o‘zaro fikr, tajriba almashish uchun distansion platformaga aylandi.

Ilmiy seminarda onlayn tartibda o‘tkazilib, universitet professor-o‘qituvchilari, tadqiqotchi va doktorantlari xalqaro va milliy axborot maydonida COVID-19 pandemiyasi mavzusining yoritilishi, favqulodda vaziyatlarda jurnalistik faoliyat, yangi axboriy jarayonlar va yangi media loyihalar, axborot tarqatishda masʼuliyat va javobgarlik singari masalalarni atroflicha muhokama qildi. Tezkorlik prinsipi va jurnalist etikasi, internet tarmog‘i foydalanuvchilari tomonidan tarqatilayotgan kontent va uning ommaga taʼsiri, jamoatchilik bilan aloqalar faoliyatidagi o‘zgarishlar, axborot xizmatlarining aholini xabardor qilishdagi roli tahlilga tortildi.

Ayni kez gazetalar faoliyati qanday ahvolda, bugun radioni kim eshityapti? Televideniye qarshisida aholi qanday maʼlumotlarni kutyapti? Har kuni yana qancha bemor aniqlanyapti? Shular bo‘yicha aholining diqqat-eʼtibori juda katta. Zamonaviy media sohasi mutaxassislari esa bu holatlarning faqatgina kuzatuvchisi emas, jurnalist, olim sifatida uning faol tahlilchisi bo‘lishi kerak.

O‘zJOKU rektori, dotsent Sherzodxon Qudratxo‘jayev bu borada asosiy eʼtiborni OAV faoliyatida ro‘y berayotgan “infodemiya” jarayoniga qaratish kerak deb taʼkidladi, yaʼni pandemiya davrida qaysi media kanalning auditoriyasi ortgani, qaysilari esa tang ahvolda qolayotganini aynan pendemiya belgilab berib, xar bir soxadagi faoliyat endilikda  “pandemiyaga qadar” va “pandemiyadan keyingi” bosqichlarga bo‘linishiga urg‘u berdi. Uning taʼkidlashicha, bugun ayniqsa gazeta-jurnallar ahvolida juda katta inqirozli vaziyatlar vujudga kelmoqda.

O‘zJOKU ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori, dotsent Nozima Muratova amalga oshirgan tahlillarga ko‘ra, O‘zbekistonda  COVID-19 mavzusini yoritishda 3 ta asosiy omil xal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘ldi:

1) mavzuni yoritish bo‘yicha alohida rasmiy axborot uzatuvchi @koronavirasinfouz kanalning tashkil etilgani;

2) mamlakat OAV faoliyatida ro‘y bergan va hamon ro‘y berayotgan media o‘zgarishlar;

3) pandemiyaga oid maʼlumotlarni taqdim etishda antifeyk siyosatini amalga oshirilishi.

Hozirgi jarayonda sifatli va professional jurnalistikaga ehtiyoj ortgan payt. Muxbirlar, operatorlar, rejissyorlar, boshlovchilar, montajchilar chinakam yangiliklar jurnalistikasi sharoitida shifokorlar, harbiylar qatorida “pandemiya o‘chog‘i”ga kirib borib, aholiga tezkor va haqqoniy ahborot yetkazish uchun tun-u kun xizmatda.

Ilmiy-seminarda onlayn jurnalistika bilan bir qatorda anʼanaviy jurnalistikada ro‘y berayotgan o‘zgarishlar xususida alohida to‘xtalib o‘tildi. Universitet doktoranti G.Najmiddinova kuzatishlariga ko‘ra, COVID-19 tufayli bepul tarqatiladigan gazetalar, ko‘ngilochar kontent tayyorlashga ixtisoslashgan jurnallar ham qator qiyinchiliklarga duch kelmoqda. Jumladan, Buyuk Britaniyaning Evening Standard bepul gazetasi adadi mart oyining o‘rtalarida 800 mingdan 620 ming nusxaga tushib ketdi. Esquire jurnali yillik sonlarini 10 tadan 8 taga tushirdi. Stylist, Time Out jurnallari esa bosma formatdan vaqtinchalik voz kechishini maʼlum qildi. Tadqiqotchining taʼkidlashicha, koronavirus pandemiyasi sababchi bo‘lgan iqtisodiy qiyinchiliklar OAVda reklama daromadlarining keskin qisqarishiga sabab bo‘lmoqda. Boisi, reklama beruvchilar o‘z reklamasining koronavirus haqidagi kontent bilan birga, yoki uning tarkibida tarqalishini istamayapti. Pandemiya mavzusi brendlar imidji uchun nobop, hatto xavfli deb topilmoqda. Buning oqibatida esa media daromadlarining  kattagina qismini yo‘qotayapti.

“Dunyo mamlakatlari: COVID-19 koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashmi yoxud manfaatlar kurashimi?” deb nomlangan ilmiy chiqishida Universitet tadqiqotchisi J.Sagatov “Pandemiya davrida dunyo geosiyosiy makonida o‘zaro raqobat qilayotgan AQSH va Xitoy  davlatlari o‘rtasidagi munosabatlar keskinlashib bormoqda” deb, BBC ning muxbiri Jonatan Markus tomonidan eʼlon qilingan “Koronavirus aslida AQSH va Xitoy o‘rtasidagi urushmi?” sarlavhali maqolasini tahlil etadi. Maʼruzada Xitoyning koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashda jahondagi roli haqida eʼlon qilingan salbiy va ijoiy bo‘yoqqa ega bo‘lgan bir qator maqolalar ham tahlil etildi.

“Pandemiya davrida rasmiylar OAV minbarida, jurnalistlar xalq eʼtiborida” nomli ilmiy chiqish esa bevosita OAV jonli efirida davlat organlari raxbarlarining doimiy chiqishlar qilishining xalq uchun ahamiyati tahlil ostiga olingan bo‘lsa, “Favqulodda vaziyat jurnalistikasida kontentning o‘ziga xosliklari” degan ilmiy tahlil zamonaviy jurnalistlarning bugungi faoliyati bo‘yicha munozarani aks ettiradi.

Pandemiya davrida fotojurnalistika haqidagi chiqishda esa asosiy eʼtibor Universitetda fotomuxbirlikni sinab ko‘rayotgan yoshlarning O‘zbekistonning turli burchaklaridan, uzoq qishlok va tumanlaridagi vaziyatni aks ettiruvchi karantinda aholi turmush tarzi va yashash sharoiti bilan bog‘liq qator fotosuratlar aks etgan loyihaning amalga oshirilayotgani xaqida to‘xtalib o‘tildi.

Ushbu mavzusiga doir tayyorlangan turkum ilmiy maqolalarning to‘liq shakli Respublika ilmiy nashrlarida chop etilishi ko‘zda tutilgan.

Dilshod RO‘ZIQULOV,

O‘zJOKU mustaqil izlanuvchisi

Bo'lishmoq: