15.06.2022 1832

Konstitutsiyaviy islohatlar talaba-yoshlar nigohida

Joriy yilning 14-iyun kuni Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamenti hamda Senat huzuridagi Yoshlar parlamenti a’zolarining O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti talabalari bilan “Konstitutsiyaviy islohotlar talaba-yoshlar nigohida” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.

Majlisda har ikkala palata huzuridagi Yoshlar parlamentlari a’zolari, O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti talabalari, faol yoshlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Majlis avvalida Yoshlar parlamenti a’zolari tomonidan 2022-yil 20 va 23-may kunlari bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Kengashi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Kengashining qo‘shma majlisi hamda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish yuzasidan takliflarni shakllantirish va tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha Konstitutsiyaviy komissiyaning 2022-yil 26-maydagi yig‘ilishining mazmun mohiyati muhokama qilindi.

Qayd etilganidek,  bugungi kunda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan shiddatli islohotlarni izchillik bilan davom ettirishda huquqiy poydevorni yanada mustahkamlash va keng ko‘lamli o‘zgarishlarni qat’iy davom ettirish maqsadida konstitutsiyaviy islohotlarni amalga oshirishda aholining qariyb 60%ini tashkil etuvchi yoshlarning ishtiroki hamda takliflari muhim. Yoshlar, xususan, Yoshlar parlamenti bu jarayonda asosiy lakomativ vazifasini o‘tashi hamda parlamentga yoshlarning huquq va manfaatlarini konstitutsiyaviy islohotlarda aks ettirishda yordamchi bo‘lishi zarur.

Shuningdek, yig‘ilishda Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi hamda O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyalarining qo‘shma yig‘ilishida ko‘tarilgan masalalar va bu yo‘nalishda Yoshlar parlamenti tomonidan amalga oshirishi zarur bo‘lgan rejalari muhokama qilindi.

Muhokamalar jarayonida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish yuzasidan takliflarni shakllantirish va tashkiliy chora-tadbirlarni oshirish bo‘yicha Konstitutsiyaviy komissiyaning yig‘ilishlari va brifinglarida kщtarilayotgan dolzarb masalalar yuzasidan yoshlar o‘z fikrlarini bildirdilar. Xususan, davlat iqtidorli yoshlarni, ularning moddiy ahvolidan qat’i nazar, ta’limni davom ettirishlarini kafolatlashi; har kim axborot resurslari, kommunikatsiya texnologiyalari va Internetdan erkin foydalanish huquqiga ega bo‘lishi; oliy ta’lim muassasalari va ilmiy-tadqiqot tashkilotlari qonunlarda belgilangan doirada o‘z- o‘zini boshqarish, akademik erkinlik, tadqiqotlar o‘tkazish hamda o‘qitish erkinligi huquqiga ega bo‘lishi kabi takliflar talaba yoshlar tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.

So‘zga chiquvchilar tomonidan qonun ijodkorligi jarayonida, ayniqsa, konstitutsiyaviy islohotlar jarayonida yoshlar Yoshlar parlamentlari bilan hamkorlikda faoliyat olib borishi, ularda dahldorlik xisi yuqori darajada bo‘lishi va har bir bosqichida faol ishtirok etish zarurati qayd etildi.

Qizg‘in bahs-munozaralar asosida o‘tkazilgan majlisda Yoshlar parlamentlari a’zolari va talabalar tomonidan konstitutsiyaviy islohotlarda yoshlarning huquq hamda manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan takliflarni ishlab chiqish va bu borada o‘rganish ishlarini olib borish bo‘yicha kelishib olindi.

 

Qonunchilik palatasi huzuridagi

Yoshlar parlamentining axborot xizmati

Bo'lishmoq: