24.05.2020 2297

Universitet jamoasining tabrigi

Aziz va qadrli hamkasblarim, talabalarim, shogirdlarim!

Bundan ikki yil muqaddam, ya’nikim 2018-yil 24-may kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qaroriga muvofiq O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti tashkil etilgan edi. Bugun bizning universitetimiz 2 yoshda!

Qisqa davr mobaynida universitet jamoasi samarali ishlarni amalga oshirdi: universitetga yangi-yangi yo‘nalishlar qo‘shildi. Talabalarimiz 1-2-kurs bo‘lishiga qaramasdan iqtidorli talabalar orasidan jurnalistikani sevuvchi yoshlar yetishib chiqa boshladi. Sohani toshi qiyin va mehnati og‘ir bo‘lishiga qaramasdan yoshlarimiz 2 yildan buyon jurnalistika sohasida mehnat qilishning eng ichki sir-asrorlarini, murakkab jihatlarini ham ko‘ra bilishni o‘rganmoqdalar.

Shu davr ichida universitetda 3 ta xalqaro konferensiya o‘tkazildi. 20 dan ziyod universitetlar bilan xalqaro memorandum imzonlandi, 3 ta PhD dissertatsiyasining himoyasi bo‘lib o‘tdi. Bu yil esa dastlabki magistrlarning himoyasi bo‘lib o‘tadi.

Universitet professor-o‘qituvchilari, universitet jamoasi 2 yil davomida deyarli hech bir kunni yangi tashabbussiz, yangi g‘oyasiz, yangi bir faoliyatsiz amalga oshirmagan. Har kuni biz yangi loyihalar ustida ishlaymiz va jurnalistikani rivojlantirishimiz uchun nima qilishimiz kerak, jurnalistikamizga qanday yoshlar kerak, jurnalistlarning yangi avlodini tarbiyalashda nimalarga e’tibor berish kerak degan savollarga yechim va javob qidiramiz.

Universitet hududida taniqli insonlar, mashhur jurnalistlar, yozuvchilar, xorijiy mehmonlar, siyosatchilar bilan o‘tkazilgan uchrashuvlarning son sanog‘i yo‘q. Ularning har biri bizning yosh jurnalistlarimizni, bo‘lajak jurnalistika kasb egalari uchun mahorat maktabini o‘tayapti.

2 yillikni biz masofada nishonlayapmiz. Lekin shunga qaramasdan qalban har bir universitet talabasi, o‘qituvchisi, xodimi, xususan men ham, bir-birimizga juda yaqinmiz. Nasib qilsa, pandemiyadan so‘ng barchamiz universitetning go‘zal hududida ko‘rishib bu kunni bayramona nishonlaymiz.

Men universitetni, barcha talabalarimizni, bo‘lajak hamkasblarimni, professor-o‘qituvchilarni, universitet jamoasini 2 yillik bilan tabriklayman va yaqin kunlarda diydor ko‘rishganimizda boshlagan ijodiy zaxmatki katta ishlarimizning bardavom bo‘lishini va bu yo‘lda yana bir kuch bo‘lib harakat qilishimizni tilab qolaman.

Qolaversa, barchani Hayit bayrami bilan chin yurakdan tabriklayman. Hammaga sihat-salomatlik, cheksiz baxt va oilaviy xotirjamlik tilab qolaman!

Universitet rektori Sherzodxon Qudratxodjayev.

 

Аssalomu alaykum qadrli yurtdoshlar, aziz hamkasblar, hurmatli talabalar!

Bugun biz uchun ikki karra xursandchilik, bugun universitet jamoasi uchun qo‘shaloq bayram. Bir tomonda yurtimizda Iyd ul Fitr ramazon hayiti nishonlanayotgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan qadrdon universitetimiz 2 yoshga to‘ldi.

O‘zbekistonda birinchi bor Muxtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan ikki yil oldin shu kuni universitetimiz tashkil etilgan edi. Shundan buyon ziyo ulashuvchi bu dargoh bo‘lajak jurnalistlar uchun katta bir maskanga aylandi. Universitet 2 yil davomida yoshlarimizga taʼlim-tarbiya o‘chog‘i boʼlib xizmat qildi, jurnalistikaning mashaqqatli yo‘lida zabardast bo‘lishni o‘rgatdi, olimlar uchun imkoniyatlar eshigini ochdi. Qisqa vaqt mobaynida samarali ishlar olib borildi va yaqin kelajakda universitet mamlakatdagi jurnalistika sohasiga oid taʼlim dargohlariga poydevor ilm dargohi bo‘lishiga umidvormiz.

2 yilda 700 dan ortiq yoshlarni bag‘riga olgan universitet kelajakda minglab jurnalistika sohasiga qiziqqan yoshlarni qamrab olishni rejalashtirgan, 3 nafar olimning ilmiy izlanishlarini qo‘llab-quvvatlagan universitet kelajakda yana ko‘plab olimlarni yetishtirib chiqarishni, ularni himoyasida tayanch bo‘lishni maqsad qilgan, universitetda sohaga oid o‘nlab adabiyotlar nashr etildi va adabiyotlar sonini yanada ko‘paytirish uchun izlanib, tun-u kun mehnat qilishni maqsad qildi.

Bu dargoh yoshlik, shijoat, kuch-quvvat, izlanishlar maskani. Bu yerda ta’lim berayotgan professorlar, taniqli jurnalistlar, yosh olimlarning va universitet jamoasining say-harakatlari bilan universitet yangi marralarni zabt etishiga ishonamiz.

Universitetimizning 2 yoshi va Ramazon oyining hayit ayyomi barchamizga muborak bo‘lsin.

O‘quv va tarbiyaviy ishlar bo‘yicha prorektor Аlisher Matyakubov.

 

Qo‘shaloq bayram muborak aziz jamoa!

O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar Universiteti tashkil etilganining ilk kundayoq ilmiy faoliyatga katta e’tibor qaratish muhimligini angladi. Bakalavr, magistratura yo‘nalishlarini shakllantirish, yangi yo‘nalisharni joriy etish bilan bir qatorda, ilmiy yo‘nalishda amalga oshirilishi kerak bo‘lgan ishlar, yangiliklar borasida o‘ylandi.

 

Birinchi yil bitta, ikkinchi yil esa ikkita PhD himoyasi amalga oshirildi. Umid qilamizki, har yili bu rivojlanish xuddi shu progressiyada dinamik tarzda yildan yilga o‘sib boraveradi. Bu yo‘lda biz, yosh tadqiqotchilarga, ilmiy ishini boshlagan jurnalistlarga, jurnalistikaning muammolarini o‘rganuvchi, ilg‘or jahon tajribasini joriy etishda ilmiy asoslar yaratishga, milliy jurnalistikamizni rivojlantirishga qaratilgan ilmiy mavzularni tanlab, ular bo‘yicha ilmiy izlanishlar qilishga bel bog‘lagan tadqiqotchilarga doim ko‘maklashishga, qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz.

Universitet 2 yilligi esa dastlabki magistrlik himoyalari bilan bog‘liq va ularning salohiyati biz uchun muhim, chunki bo‘lajak ilmiy tadqiqotchilar safi yoshlar bilan tobora kengayib borishiga umid qilamiz.

Jamoamizni tabriklab, xar birimiz uchun o‘ta ma’suliyatli jurnalist kasbi va zahmatli ilmiy faoliyatda zafarlar tilayman.

2 yoshing muborak Universitetim!

Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor Nozima Muratova.

Bo'lishmoq: